
HUMO va Alipay+ O‘zbekiston bo‘ylab foydalanuvchilar uchun global to‘lov imkoniyatlarini taqdim etmoqda
Endilikda O‘zbekistondagi tadbirkorlar xorijiy iste’molchilardan transchegaraviy QR-to‘lovlarni qabul qilishlari mumkin. Bu kuni-kecha tuzilgan hamkorlik kelishuvi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur kelishuv mahalliy foydalanuvchilarga butun dunyo bo‘ylab to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Toshkent, 2026-yil 28-avgust — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahnamoligida o‘tkazilgan Silk Road Finance & Technology Forum 2026 doirasida O‘zbekiston milliy to‘lov tizimi HUMO va Ant International kompaniyasining elektron hamyonlar uchun yagona to‘lov shlyuzi Alipay+ HUMO to‘lov infratuzilmasida Alipay+ ishga tushirilgani e’lon qilindi. Bu mahalliy to‘lov tizimlarini global savdo imkoniyatlari bilan bog‘lash imkonini beradi.
Ishga tushirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev, Ant International prezidenti Peng Yang hamda HUMO boshqaruvi raisi Aleksandr Sotnikov ishtirok etdilar.
Alipay+’ga ulangan xalqaro elektron hamyonlar va bank ilovalari foydalanuvchilari endilikda O‘zbekistonda QR-to‘lovlarni amalga oshirishlari, mahalliy tadbirkorlar esa qo‘shimcha sozlamalarsiz xorijiy sayyohlardan to‘lovlarni qabul qilishlari mumkin. Bu mamlakatga turistlar va tijorat oqimi ortib borayotgan sharoitda yangi mijozlarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. O‘ziga odatlangan ilova orqali, yangi to‘lov vositasiga o‘tmasdan to‘lov qilish imkoniyati sayyohlar duch keladigan to‘siqlardan birini bartaraf etadi hamda mamlakat to‘lov infratuzilmasini xorijiy mehmonlar uchun yanada qulay qiladi.
Alipay+ va HUMO o‘rtasidagi hamkorlik 2025-yil oktabr oyida boshlangan bo‘lib, dastlab HUMO karta egalari Alipay+’ning tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan global ekotizimi doirasida o‘zlari foydalanadigan bank ilovalari orqali O‘zbekiston tashqarisida to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Endilikda hamkorlik Alipay+ xalqaro hamkorlarining elektron hamyonlari foydalanuvchilarini ham qamrab oladi: ular UzQR orqali HUMO to‘lov infratuzilmasidan foydalangan holda O‘zbekistonda xaridlarni amalga oshirishlari mumkin.
«Zamonaviy to‘lov bozorini endi faqat milliy chegaralar doirasida ko‘rib chiqib bo‘lmaydi. Odamlar sayohat qilmoqda, kompaniyalar yangi bozorlarga chiqmoqda, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo va sayyohlik oqimlari esa o‘sishda davom etmoqda. Shunga mos ravishda to‘lov infratuzilmasi ham birdek rivojlanishi kerak. HUMO uchun xalqaro standartlarga moslashuvchanlik rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bizning maqsadimiz — zamonaviy to‘lov imkoniyatlarini ham chet elga safar qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari, ham mamlakatimiz mehmonlari uchun yanada qulay va ommabop qilish», — dedi HUMO boshqaruvi raisi Aleksandr Sotnikov.
O‘zbekiston uchun mazkur loyiha raqamli transformatsiyaning yangi bosqichi va mamlakatning sayyohlik salohiyatini yanada keng ochib berish nuqtayi nazaridan yanada kengroq ahamiyatga ega. Global raqamli to‘lovlar ekotizimini O‘zbekistonning mahalliy to‘lov infratuzilmasi bilan birlashtirgan holda, HUMO va Alipay+ yanada ochiq va qulay raqamli iqtisodiyotni shakllantirishga ko‘maklashmoqda. Bu biznes imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy mehmonlarni jalb qilish hamda mamlakatning mintaqadagi innovatsiyalar, turizm va savdoning yetakchi markaziga aylanish intilishlarini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
«Raqamli aloqa iqtisodiy o‘sishning kuchli katalizatori bo‘lib, mamlakatlarga ko‘proq sayyohlarni qabul qilish, biznes imkoniyatlarini kengaytirish va global iqtisodiyotda yanada faol ishtirok etish imkonini beradi. HUMO bilan hamkorlik Alipay+’ga O‘zbekistonning raqamli to‘lov ekotizimini jahon hamjamiyatiga integratsiya qilishga yordam bermoqda. Bu mamlakatning raqamli transformatsiyani jadallashtirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda biznes va iste’molchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Ant International kompaniyasining katta vitse-prezidenti va barqaror rivojlanish bo‘yicha direktori Leymin Chen.
Bugungi kunda Alipay+ 50 dan ortiq raqamli hamyon va bank ilovalaridagi 2 milliarddan ortiq foydalanuvchi akkauntlarini 220 dan ortiq bozordagi 150 milliondan ortiq savdo nuqtalari bilan, jumladan, 10 ta milliy to‘lov tizimi orqali bog‘laydi.
HUMO va Alipay+ o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi ishga tushirilishi O‘zbekiston to‘lov infratuzilmasining xalqaro moliyaviy va texnologik ekotizimga yanada keng integratsiyalashuvini aks ettiradi. HUMO uchun xalqaro moslikni rivojlantirish milliy to‘lov tizimi imkoniyatlarini kengaytirish hamda O‘zbekistondagi xorijiy sayyohlar va mamlakat tashqarisidagi HUMO karta egalari uchun yangi to‘lov ssenariylarini yaratishning muhim qismidir.
HUMO haqida
HUMO — O‘zbekiston Respublikasining milliy to‘lov tizimi va mamlakat moliyaviy infratuzilmasining muhim tarkibiy qismi. Tizim naqd pulsiz to‘lovlarni rivojlantiradi, o‘zining to‘lov infratuzilmasini shakllantiradi, zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etadi hamda QR-to‘lovlar va transchegaraviy operatsiyalarni o‘z ichiga olgan to‘lov ssenariylarini kengaytirib, raqamli iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shadi.
Sayt: humocard.uz
Facebook: : fb.com/humocard
Instagram: @humo_card
Telegram: t.me/humoofficial
LinkedIn: linkedin.com/humocarduz
Alipay+ haqida
Ant International kompaniyasining Alipay+ xizmati — bu transchegaraviy to‘lovlar va raqamli xizmatlarni o‘z ichiga olgan yagona to‘lov shlyuzi bo‘lib, u dunyo bo‘ylab savdo korxonalarini foydalanuvchilar bilan bog‘lashga yordam beradi. Xorijga sayohat vaqtida iste’molchilar o‘zlari afzal ko‘rgan to‘lov ilovasi yoki elektron hamyoni orqali to‘lovlarni amalga oshirishlari, keng takliflar orasidan tanlashlari va qulay raqamli xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Ko‘plab kichik va o‘rta biznes subyektlari samaradorlikni oshirish va barcha savdo kanallari bo‘ylab o‘sishga erishish uchun Alipay+’ning raqamli vositalaridan foydalanmoqda.
Email: pr@ant-intl.com

