
2026-yil 18-avgust kuni OAVda eʼlon qilingan HUMO kartalariga xalqaro pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq ehtimoliy muammolar haqidagi ma’lumotlar yuzasidan “MBPM” AJ tomonidan to‘lov va axborot servislarining ishlash holati, shuningdek, HUMO kartalarining to‘lov ilovalarida mavjudligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur davrda “MBPM” AJning barcha servislarida ishlar belgilangan tartibda olib borilgani aniqlandi. HUMO protsessing infratuzilmasida texnik nosozliklar yoki faoliyatdagi uzilishlar qayd etilmadi.
Shu bilan birga aytish oʻrinliki, xalqaro pul o‘tkazmasi to‘lovlar zanjirining bir nechta ishtirokchilari orqali amalga oshiriladi. O‘tkazmalardagi ehtimoliy kechikishlar tegishli to‘lov xizmati provayderi yoki “MBPM” AJning javobgarlik doirasiga kirmaydigan boshqa jarayon ishtirokchilarining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha ravishda ma’lum qilamizki, “MBPM” AJning kontakt-markazi 24/7 rejimida, ya’ni kecha-yu kunduz faoliyat yuritadi va foydalanuvchilarning murojaatlarini qabul qiladi. Bugungi kun holatiga ko‘ra, HUMO kartalariga xalqaro pul o‘tkazmalarining kechikishi yoki kartaga tushmasligi bilan bog‘liq murojaat yoki shikoyatlar kontakt-markaziga kelib tushmagan.

